Navoiy viloyati G‘azg‘on qishlog‘i yaqinida “Shohimardon” (“Pahlavonlar piri” maʼnosini anglatadi) meʼmoriy majmuasi joylashgan.

Majmua 1908-1913-yillarda ancha qadimiy binolar o‘rnida barpo etilgan va hujralar, oshxona, Shohimardon maqbarasi, masjid, ayvon, suv uchun marmar kosani o‘z ichiga oladi.
Maʼlumki, G‘azg‘onda asrlar davomida marmar qazib olinadigan konlar bor. Shuning uchun ham meʼmoriy majmua binolari qurilishida ana shu materialdan foydalanilgan. Jumladan, masjid devorlari, tomi, ustunlarida qalin yoki yupqa taroshlangan, qora marmarlar ishlatilgan. Masjid ichkarisida 4 ta zabardast ustun, 9 ta arka va 8 qirrali “oybinoq” (fonar) qurilgan.
Masjidlar, maqbara va ayvonlar devorlarining yuqori qismida to‘g‘ri burchakli marmar toshtaxtachalardan yasalgan belbog‘ bor. Ana shu belbog‘ bo‘ylab xattot Qurʼoni Karim oyatlarini bitgan.

Ushbu majmuaning marmar lavhlaridagi bitiklarda nima deb yozilgan?
1-lavhda “Basmala”, 2-lavhda “Yusuf” surasining 64-oyatidan parcha, 3-lavhda ushbu hadis: “Rasululloh, u zotga Allohning saloti va salomi bo‘lsin, dedilar: “Men ilm shahriman, Ali – uning eshigi” (hadis to‘qima, ammo diniy hayotda qabul qilingan), 4-lavhda hadis: “Beshikdan qabrgacha ilm izla” (bu ham to‘qima hadis), 5-lavhda: “Ilmni Chin (Xitoy)da bo‘lsa ham o‘rganinglar” (mashhur hadis, lekin sanadi zaif), 6-lavhda “Fotir” surasining 28-oyati: “Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qo‘rqarlar”, 7-lavhda ilmning fazilati haqida hikmat: “Ilm dunyoda azizlik va oxiratda sharaf keltiradi”, 8-lavhda “Hijr” surasining 46-oyati, 9-lavhda “Raʼd” surasining 24-oyati, 10-11-lavhlarda “Imron” surasining 18-19-oyatlari, 12-lavhdan boshlab to oxirigacha Qurʼoni karimdan parchalar keltirilgan.

