Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning dunyo hukmdorlariga yozgan maktublari papirusga ko‘chirilgan nusxasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olishi rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi Markaz axborot xizmati.
“Islom dinining keng yoyilishi va insoniyatni tavhidga daʼvat qilish jarayonida Rasululloh (s.a.v.) tomonidan yuborilgan diplomatik maktublar alohida tarixiy ahamiyatga ega. U zot (s.a.v.) Islom daʼvatini yetkazish maqsadida dunyodagi yetakchi hukmdorlarga xat yozib, muhrlab yuborganlar. Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ana shunday ulkan maʼnaviy va tarixiy qimmatga ega nusxalardan biri — Imperator Hiraqlyus (Gerakliyus)ga yuborilgan maktubning ilmiy asoslangan rekonstruksiyasi namoyish etiladi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, ekspozitsiyada Efiopiya, Misr, Bahrayn, O‘mon hukmdorlari, Fors shohiga yuborilgan maktublar nusxalari ham o‘rin olishi kutilmoqda.
