Mirzo Ulug’bekning “Zij” asari 4 tilda qayta nashr etiladi

Mirzo Ulug’bekning “Zij” asari 4 tilda qayta nashr etiladi

2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Samarqand xalqaro texnologiya  universiteti tashabbusi bilan “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari oʻzbek, rus, ingliz va xitoy tillarida chop etildi. Ayni paytda Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan ushbu asarni qayta chop etishga hozirlik koʻrilmoqda.

 

Temuriyzoda hukmdor Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbek (1394-1449) Movarounnahr hududida roʻy bergan Ikkinchi renessansning asoschilaridan biri sanaladi. Uning boshqaruvidagi qirq yilga yaqin vaqt mobaynida Vatanimiz hududida ilm-fan, madaniyat, meʼmorchilik taraqqiy etdi. Samarqand, Buxoro va Gʻijduvon shaharlarida madrasalar barpo etildi. Davlat boshqaruvidan boʻsh paytlarida talabalarga saboq bergan, osmon jismlarini kuzatgan, tarixiy va adabiy asarlarga qoʻl urgan.

 

Mirzo Ulugʻbek boshchiligida rasadxonadagi kuzatuvlar asnosida 1437-yilda tuzilgan “Ziji jadidiy Koʻragoniy” asari zaminimizda ilmi nujum, yaʼni astronomiya juda erta taraqqiy eta boshlaganidan darak beradi.  Ushbu asarda 1018 ta yulduzning elliptik sistemadagi oʻrni aniq hisob-kitoblar asosida koʻrsatib berilgan. 

 

Birinchi bob  “Taʼrix - xronologiyaning maʼrifati” deb nomlanib, yil hisoblari va taqvim masalalariga bagʻishlangan. Asarda hijriy, surʼyoniy, yunon, jaloliy, forsiy, turkiy, xitoy va uygʻur  yil hisoblari qiyosiy oʻrganilgan. 

 

Asarning ikkinchi bobida – “Vaqtlar va unga taalluqlik narsalar” deb nomlanib, matematik jadvallar (sinuslar va tangenslar),  uchinchi bobda  sferik astronomiya (koinotda Quyosh, Oy va sayyoralar) haqida fikr yuritilgan va  asosiy astronomik jadvallar aynan shu bobda keltirilgan. 

 

“Zij”ning toʻrtinchi bobi “Yulduzlarning doimiy harakati” deb nomlangan va u asosan astronomiyaga bagʻishlangan. Ulugʻbek ekliptikaning (quyoshning harakatlanish yoʻli) osmon ekvatoriga ogʻish burchagining miqdorini keltiradi. Mirzo Ulugʻbek koinotni oʻrganishda kuzatish, ekspriment, jonli mushohada, isbotlash, qiyoslash, induksiya, deduksiya usullaridan foydalangan. 

Mirzo Ulug’bekning “Zij” asari 4 tilda qayta nashr etiladi

“Zij”ni dastlab Samarqand madrasasi olimlaridan Ali Qushchi, soʻngra Miram Chalabiy va Husayn Birjandiylar ilmiy-falsafiy sharhlaydi. Dastlab Shoxruh, soʻngra Mirzo Ulugʻbekning fojiali halokati, temuriylar oʻrtasidagi oʻzaro nizolar tufayli Movarounnahrning yetuk olimlari Sharq mamlakatlari boʻylab tarqalib ketdi. Olimlar oʻzlarining ilmiy yutuqlari qatorida “Zij” asarining asl nusxalarini ham oʻzlari bilan olib ketdilar. Jumladan, Ali Qushchi 1473-yili Turkiyaga borib, u yerda rasadxona barpo etib “Zij” asarini Yaqin Sharq va Oʻrta Sharq, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga yoyilishiga sababchi boʻldi. Bugungi kunda dunyo kutubxonalarida “Zij”ning 120 ga yaqin forsiy va arabiy nusxalari mavjud. 

 

Amir Temur va temuriylar saltanati, ayniqsa Mirzo Ulugʻbek haqida Gʻarbiy Yevropa xalqlari va mamlakatlari XV asrdanoq bilardi. “Zij”ning Gʻarbiy Yevropa ilm-faniga ham taʼsiri yetarli darajada katta boʻlgan. Jumladan, Buyuk Britaniyada, Londonning janubi-sharqiy qismida qiroli Karl II (1630-1685) tashabbusi bilan 1675-yilda barpo etilgan Grinvich rasadxonasi qurilishiga ham, ayrim taxminlarga koʻra,  Mirzo Ulugʻbek maktabi hamda uning mashhur “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari  sabab boʻlgan.

 

Xulosa shuki, bugun jahon miqyosida katta ahamiyatiga ega boʻlgan ana shunday kashfiyotlar, ilmiy istilohlar ildizi bevosita ajdodlarimizning aql-zakovatiga borib taqaladi.