Xorazm Ma’mun akademiyasi arxeologlari Uyg’onish davri topilmalarini qo’lga kiritdi

Xorazm Ma’mun akademiyasi arxeologlari Uyg’onish davri topilmalarini qo’lga kiritdi

Хorazm Ma’mun akademiyasi arxeologlari Bahrom Sadullayev rahbarligida Shovot tumanida joylashgan Kat-qal’a yodgorligida arxeologik dala tadqiqot ishlari amalga oshirildi.

Xorazm Ma’mun akademiyasi arxeologlari Uyg’onish davri topilmalarini qo’lga kiritdi
Foto: academy.uz

Qazishma maydonidagi tadqiqotlar jarayonida shaharning qadimgi davri va o’rta asrlar topografiyasiga doir ma’lumotlar qo’lga kiritildi. So’nggi antik davrga oid inshoot qoldiqlari va u bilan bog’liq xonalar aniqlandi, deya xabar qildi O’zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati.

 

“Inshoot devorlari 42x42x10, 41x41x10, 40x40x10 sm hajmdagi xom g’ishtlardan barpo etilgan. Keyinchalik ilk o’rta asrlarda ta’mirlash ishlari bajarilib, qadimgi devorlardan asos sifatida foydalanishgan va 38x38x10, 39x39x10 sm hajmdagi xom g’ishtlardan qo’shimcha devorlar barpo etilgan”, deyiladi xabarda.

 

Ushbu qadimiy inshoot qoldiqlarini ochish jarayonida 20 dan ortiq chiqindi o’ralar aniqlanib, ulardan 3 tasi IX-XI asrlarga, qolganlari XVIII-XIX asrlarga tegishlidir. Shulardan IX-XI asrlarga oid o’ralarda juda ko’plab sirlangan va sirlanmagan sopol buyumlardan iborat noyob topilmalar chiqdi. Ular orasida jimjimador o’simliksimon o’yma bezaklar, rangdor soxta epigrafik va turli shakldagi naqshlar bilan bezatilgan kosalar va bodiyalar qoldiqlari bor. Sirlanmagan idishlarning aksariyati ko’zalarga tegishli bo’lib, ular ham o’ta nozik did bilan ishlangan va turli xil naqshlar tushirilgan. Jumladan, ularning birida ko’za baldog’iga ilingan xalqa saqlanib qolgan.

Xorazm Ma’mun akademiyasi arxeologlari Uyg’onish davri topilmalarini qo’lga kiritdi
Foto: academy.uz

Topilmalar orasida shisha buyumlar va suyakka tushirilgan naqsh bezaklari ham hunarmandchilikning faqat kulolchilik tarmog’i emas balki boshqa turlari ham Xorazmda keng yoyilganligidan dalolat beradi. 

 

Yodgorlikda qazishma ishlari davom etmoqda.