Parij shahrida UNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 47-sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya yig‘ilishida Shahrisabz shahrining Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi.
Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi maʼlum qilishicha, qo‘mita O‘zbekistonning ushbu obyektni asrash bo‘yicha saʼy-harakatlarini yuqori baholab, YUNESKO Butunjahon merosi markazi hamda ICOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni asrash bo‘yicha xalqaro kengash) bilan samarali hamkorlik muhimligini alohida qayd etdi.
Kelgusi bosqich sifatida O‘zbekistonga takroriy nominatsiyani tayyorlash uchun uch yil muddat berildi. Unda Shahrisabzning siyosiy, madaniy va diniy markaz sifatidagi betakror tarixiy rolini aks ettiruvchi temuriylar davri meʼmoriy merosiga alohida urg‘u qaratiladi.
Shaharning tarixiy qismi bufer hudud sifatida belgilanishi rejalashtirilgan, bu uning madaniy qiymatini yana-da samarali asrash imkonini beradi.

