Italiyadagi Juzeppe Tuchchi nomidagi Sharq sanʼati milliy muzeyining o‘zbek kolleksiyasi Movarounnahrdagi somoniylar markazlari yoki Nishopur (Eron shimoli-sharqi)ga tegishli angobli naqsh berilgan sopol buyumlarning ajoyib namunalari bilan ham namoyish etilgan.
Oldin G.S. Rokki kolleksiyasi tarkibiga kirgan kosa angoblangan och sariq yuzaga marganesli qora, qizil, jigarrang, sarg‘ish qizil va oq ranglarda gul solib bezalgan holda qo‘rg‘oshinli sir bilan qoplangan.

Kosaning devorlari egilgan va uning lappak shaklidagi tagligi bor. Nashqlari sarg‘ish oq rangli fon ustiga marganesli qora, qizil-jigarrang, sarg‘ish qizil rang va oq rangdagi suyuq angoblar bilan bajarilgan va rangsiz qo‘rg‘oshinli sir bilan qoplangan. Qora rang berilgan joylarida taram-taram chiziqlarga o‘xshatib ishlangan o‘yma naqshi bor. Idishning tubida oq nuqta bilan to‘ldirilgan va qora kontur chizig‘i bilan aylantirib chiqilgan qizil-jigarrang tasmalardan hosil bo‘lgan cheksiz tugunlarning tasviri bor. Tugunning markazida xoch shaklidagi motiv mavjud. Devorlarda, tugun atrofida, katta to‘pbarggulni hosil qiluvchi ustma-ust qo‘yilgan to‘rtta gulbarglari bor. Gulbarglar fonida – ichki qismida aniq epigrafik xususiyatli (lom harfi) naqsh tushirilgan bodom shaklidagi elementlar mavjud.
Shuningdek, ushbu kosada marvaridli jiyaklar bilan o‘ralgan va xochlar bilan bezatilgan kichik dumaloq medalyonlar ham bor. Tugun motivi epigrafik belgilar bilan hoshiyalangan bo‘lib, uni o’rgangan mutaxassislar so‘zlariga ko‘ra, ular Allohning 99 ismidan birini, misol uchun, al-Vahid (yagona), al-Vakiyl (ishonchli vakil) yoki al-Vahhob (neʼmatlarni behisob beruvchi) maʼnolarini anglatishi mumkin.
Erondagi milliy Bastan muzeyida saqlanayotgan kosadagi xuddi shunday motivni boshqa bir mutaxassislar qushning boshi sifatida talqin qilgan.
