Boburiylar sulolasining “Mariam Makoniy”si – Hamida Bonu portreti

Boburiylar sulolasining “Mariam Makoniy”si – Hamida Bonu portreti

Hozirda Londondagi Britaniya muzeyida saqlanayotgan ushbu miniatyura taxminan 1560-yilda Agra shahrida yaratilgan. Unda boburiylar sulolasi tarixida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan ayollardan biri Hamida Bonu Begim (1527– 1604)ning majoziy portreti aks etgan.

Boburiylar sulolasining “Mariam Makoniy”si – Hamida Bonu portreti

Majoziy portretda Hamida Bonu farishta qiyofasida tasvirlangan. Parining surati ustidagi va pastdagi forscha sheʼrlarda uning husni-jamoli xitoy go‘zallariga o‘xshatib tavsiflangan, chunki fors adabiyotida va madaniyatida Xitoy sanʼati ideal va mukammallik timsoli sifatida talqin qilingan.

 

Miniatyura “Akbar muraqqasi”ning bir bo‘lagidir. Taxminlarga ko‘ra, Hamida Bonu tomonidan o‘g‘li Akbar podshohga shohona sovg‘a sifatida tayyorlangan bo‘lishi ham mumkin.

 

Hamidabonu garchi forsiyzabon oilada tavallud topgan bo‘lsa-da, Sharq miniatyuralari anʼanalariga muvofiq, turkiy asilzodalarga xos ko‘rinishda tasvirlangan. Yana bir miniatyurada u dumaloq, oppoq yuzli, bodomqovoq, xiyol qisiq ko‘zli ko‘rinishda tasvirlangan. Qo‘llariga hind udumlariga mos ravishda xinadan naqsh (mexendi) solingan.

 

Rassom Hamidabonuning zeb-ziynatlariga alohida eʼtibor qaratgan. Boshidagi ro‘mol tillaqoshga biriktirilgan. Bo‘ynidagi zebigardon, qulog‘idagi baldoqlar ham ayolga asilzodalarga xos ulug‘vorlik bag‘ishlagan. O‘ng qo‘lida gul, chap qo‘lida ro‘molcha ushlagancha, o‘ng tarafiga egilib, biroz xayolchan holda o‘tirishi Hirot uslubiga xos bir kishilik portretlarni esga soladi. Qora rangli ko‘ylak ustidan sarg‘ish tusdagi yengi kalta mursak kiygan.

Boburiylar sulolasining “Mariam Makoniy”si – Hamida Bonu portreti

 

Umuman olganda, miniatyura nafaqat bir zodagon ayolning portreti, balki tarixning zodagonlarga mansub xotin-qizlari o‘rnini, ularning siyosiy jarayonlarga taʼsirini namoyon qiluvchi badiiy va madaniy hujjat hisoblanadi.

 

Maʼlumot uchun:

 

Hamidabonu Zahiriddin Muhammad Boburning o‘g‘li Humoyunga turmushga chiqqan va 1542-yilda Jaloliddin Muhammad Akbarni dunyoga keltirgan. Keyinchalik o‘g‘liga siyosiy maslahatchi sifatida xizmat qilgan.

 

Hamidabonuga “Mariam Makoniy” (poklik va onalik ramzi) unvoni berilgan.

 

Uning hayoti tafsilotlari Humoyunning singlisi Gulbadan Begim tomonidan yozilgan “Humoyunnoma” asarida hamda o‘g‘li Akbar davrida yozilgan “Akbarnoma” va “Ayn-i-Akbariy” da ham uchraydi.

 

Tanishtirilgan mazkur ikki asar “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” turkumining “Sharq miniatyurasida tarixiy shaxslar” kitob-albomidan joy olgan.