Ekspert tahlili
2025-yilda insoniyatning madaniy hayotida muhim sana nishonlanadi — Berlindagi mashhur Muzey oroliga 200 yil to‘ladi. Bu nafaqat muzeylar majmuasi, balki butun bir maʼnaviy va arxitekturaviy xazina, jahon madaniyatiga beqiyos hissa qo‘shgan makondir.
Muzey oroli g‘oyasi Prussiya qiroli Fridrix Vilgelm III tomonidan 1825-yili “xalq manfaati uchun” muzey qurilishiga ruxsat berilishi bilan boshlangan. Karl Fridrix Shinkel loyihasi asosida qurilgan Oldingi muzey (Altes Museum) 1830-yili ochildi va u Yevropada birinchi bo‘lib keng jamoatchilik uchun taʼlimiy maqsadda barpo etilgan muzey hisoblanadi.
Bugunda Muzey oroli 5 ta yirik muzeyni o‘z ichiga oladi:
• Oldingi muzey — Yunon va Rim antik sanʼati;
• Yangi muzey — Misr va qadimgi Yevropa (shu jumladan Nefertiti byusti);
• Eski milliy galereya — romantizm, realizm, impressionizm;
• Pergamon muzeyi — Bobil, Assiriya, Fors va yunon-rim meʼmorligi;
• Bode muzeyi — Vizantiya sanʼati, haykaltaroshlik va numizmatika.
Bu orol 1999-yilda YUNESKO tomonidan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. U faqat eksponatlar emas, balki o‘zining arxitekturasi bilan ham benazirdir.

1999-yildan buyon Berlinda “Masterplan Museumsinsel” loyihasi amalga oshirilmoqda. 2025-yilda to‘liq yakunlanadigan rekonstruksiya loyihasi (shu jumladan Pergamon muzeyining qayta qurilishi va yangi markaziy kirish binosi — James-Simon-Galerie) muzeyni jonli muloqot maydoniga aylantirdi. Bugun bu yerda nafaqat tarixiy artefaktlar, balki murakkab mavzular: mustamlakachilik merosi, raqamli texnologiyalar ham muhokama etiladi.
Muallif bir necha bor Berlindagi Islom sanʼati muzeyida bo‘lgan va u yerda O‘zbekistondan olib kelingan artefaktlarni ko‘rgan. Bu muzey hozirda taʼmirlanmoqda.
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi — bizning "muzey orolimiz"
Berlin Muzey oroli falsafasi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi muzey siyosati bilan maʼnaviy hamohanglik kasb etmoqda. Muzey quyidagi vazifalarni bajarayotgan zamonaviy institut sifatida qayta baholanmoqda:
• davlatning maʼnaviy ustuni;
• madaniyatlar va dinlar muloqoti maydoni;
• mintaqaviy xotiraning xazinasi;
• jahonga ochilgan milliy o‘zlik o‘qi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahnamoligida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi — Yangi O‘zbekistonning maʼnaviy strategik loyihalaridan biridir. Unda milliy o‘zlikni anglash, Markaziy Osiyoning tarixiy merosini birlashtirish, xalqaro muzeyshunoslik muloqoti kabi dolzarb mavzular uyg‘unlashgan.
Bu markaz — faqat bir xalq yoki uning madaniy merosi haqida emas, balki ko‘p qatlamli tarixga ega ulkan, hozirgacha insoniyatga to‘laligicha namoyon etilmagan sivilizatsiyaning taqdimoti, butun insoniyat sivilizatsiyalarining beshiklaridan biri sifatida eʼtirof etilgan madaniy merosimizning ilk retrospektiv taqdimoti bo‘ladi.

Yangi O‘zbekistonning muzey siyosati
O‘zbekiston sanʼat muzeyi yangi binosining qurilishi, Saviskiy muzeyining dunyo bo‘ylab tobora ortib borayotgan obro‘si va uning 2-,3-qavatlaridagi eng zamonaviy reekspozitsiyalar , O‘zbekiston tarixi muzeyi ekspozitsiyasining to‘liq yangilanishi — bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda yangicha, boy madaniy meros kabi resurs salohiyatni keng safarbar etish siyosatini shakllantirmoqda.
O‘zbekiston Luvr, Bretan muzeyi, Berlin muzeyi, EXPO–2025 va Venetsiya biyennalesida qatnashmoqda — bu madaniy diplomatiya emas, balki yangi muzey davlatining yuzaga kelishidir.
200 yildan so‘ng…
Ishonamanki, 2225-yilni insoniyat shunday nishonlaydi:
– Berlin Muzey oroliga 400 yil;
– Toshkent — Markaziy Osiyo muzey poytaxti sifatida 200 yil.
Tursunali Qo‘ziyev,
muzeyshunos va madaniy diplomatiya tahlilchisi
(Manba: UzA)
