O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan “O‘zbekistonga oid nodir qo‘lyozmalar jahon to‘plamlarida” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha xalqimizning maʼnaviy boyliklarini, ilmiy merosini tiklash, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, shuningdek, jahon jamoatchiligiga o‘zbek sivilizatsiyasining ulkan hissasini namoyon etishga qaratilgan.
Buyuk allomalarimiz tomonidan yaratilgan nodir qo‘lyozma asarlar bugunda dunyoning turli burchaklaridagi muzeylar, kutubxonalar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanib kelmoqda. Ular orasida Mirzo Ulug‘bek davrida ko‘chirilgan “Suvar al-Kavokib” qo‘lyozmasi, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” qo‘lyozmasi kabilar bor.
Loyiha doirasida Buyuk Britaniya, Fransiya, Hindiston, Turkiya, Rossiya, AQSH, Germaniya, Eron, Misr, Italiya, Irlandiya kabi dunyoning 20 dan ziyod davlatida ilmiy tadqiqot ekspeditsiyalari tashkil etildi. Ekspeditsiyalar davomida ko‘plab kutubxona, muzey va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi, faksimile nusxalarni yurtimizga olib kelish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Ayni vaqtga qadar “Katta Langar Qurʼoni”, Mir Haydar Xorazmiyning “Meʼrojnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Husayn Boyqaroning “Devon”i, “Temur tuzuklari”, Mirhondning “Ravzatus-safo”si kabi nodir asarlarning faksimil nusxalari tayyorlanib, yurtimizdagi ilmiy muassasalarga taqdim etildi.
Mazkur loyiha nafaqat tarixiy hujjatlarni qaytarish, balki ularni ilmiy tadqiq etish, tarjima qilish, elektron bazalar yaratish va keng ommaga taqdim etishda ham muhim o‘rin tutayapti. Shu bilan birga, loyiha doirasida kitob-albomlar tayyorlanmoqda.

Ilmiy merosimiz qayerda?
Fransiyada
Parijdagi Fransuz Milliy Kutubxonasida Mirzo Ulug‘bek davrida ko‘chirilgan “Suvar al-Kavokib” qo‘lyozmasi mavjud bo‘lib, uning sahifalarida burjlar va yulduzlar jadvali hamda Mirzo Ulug‘bekning portreti o‘rin olgan. Shuningdek, shu kutubxonada Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” qo‘lyozmasi ham saqlanadi. Bu asar XII asrda lotin tiliga tarjima qilingan va keyinchalik butun Yevropaga tarqalgan. Undan biri AQSHdagi Yel tibbiy-tarixiy kutubxonasida ham uchraydi.
Rossiyada
“Tib qonunlari”ning ilk qo‘lyozmalaridan biri Rossiya fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi. Bu noyob asarni Jan Jak Russoning jiyani Jan Batist Lui Russo Yaqin Sharqdan olib kelgan va 1819- yili Rossiya imperator fanlar akademiyasiga sovg‘a qilgan. AQSH Milliy tibbiyot kutubxonasida ham ushbu asarning betakror nusxalari saqlanadi.
Italiyada
Italiyaning Bolonya universitet kutubxonasida “Tib qonunlari”ning ivrit tilidagi ikkita tarjimasini ham ko‘rish mumkin. Bu kitob XV asrning birinchi yarmida Italiyada chop etilgan va turli suratlar bilan bezatilgan.
Buyuk Britaniyada
Oksford (Buyuk Britaniya)dagi Bodlean kutubxonasida al-Xorazmiyning “Muxtasar min hisob al-jabr va-al-muqobala” asari saqlanayotgan bo‘lib, bu asar zamonaviy algebra fani uchun asos hisoblanadi. Shu kutubxonada Mirzo Ulug‘bekning astronomiya maktabi namunasi bo‘lgan “Ziji Jadidi Ko‘ragoniy” nomli asarining nodir nusxasi ham saqlanadi. Bu qo‘lyozma taxminan 1473-yilda Mirzo Ulug‘bekning suyukli shogirdi Ali Qushchi tomonidan Istanbulga olib kelingan va 1638-yilda ingliz olim Jon Greyvz tomonidan Angliyaga olib ketilgan. Qo‘lyozmada ushbu olimning shaxsiy dastxatlari ham mavjud.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekistonga oid nodir qo‘lyozmalar jahon to‘plamlarida” loyihasi madaniy merosimizni tiklash, saqlash va dunyo miqyosida targ‘ib etish yo‘lida qo‘yilgan muhim va kelajakka qaratuvchi qadamlardan biridir.
