Rossiyada saqlanayotgan o‘zbek musiqasiga oid fono-arxiv namunalari olib kelinadi

Rossiyada saqlanayotgan o‘zbek musiqasiga oid fono-arxiv namunalari olib kelinadi

Bir asrdan ziyod vaqt mobaynida Rossiyadagi Pushkin uyida saqlanayotgan “Shashmaqom”ga oid nodir audioyozuvlar va musiqa namunalari yurtimizga olib kelinadi. Ushbu tarixiy meros tarkibida xalq musiqasiga oid noyob fono-arxiv materiallari mavjud. 

 

XVIII asrda Buxoroda shakllangan maqomlar turkumi, o‘zbek va tojik xalqlari madaniy merosining eng muhim qismlaridan biri hisoblanadi. Uning taʼsirida Xorazm maqomlari, Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari kabi turli musiqiy anʼanalar rivojlangan. 

 

O‘zbekistonda “Shashmaqom”ga oid noyob qo‘lyozmalar, gramplastinkalar va sanʼat namunalari turli muzeylar va sanʼat uylarida saqlanadi. Rossiyadan keltiriladigan fono-arxiv esa bu boylikni yana-da to‘ldiradi va musiqa sanʼati taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. 

 

O‘zbek kompozitorlari va bastakorlari hozir ham “Shashmaqom”dan ilhomlanib ijod qilishda davom etmoqda. Ushbu musiqa anʼanasi nafaqat o‘tmish madaniy merosi, balki milliy sanʼatimiz kelajagini ham shakllantiruvchi qimmatli boylikdir. 

 

Ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu nodir merosga katta eʼtibor qaratib, maxsus hujjatli filmlar va videokontentlar tayyorlashni rejalashtirgan. Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasida ushbu noyob musiqa namunalarini doimiy ravishda namoyish etish ko‘zda tutilgan. 

Rossiyada saqlanayotgan o‘zbek musiqasiga oid fono-arxiv namunalari olib kelinadi