Arxiv fotosuratlarida aks etgan O‘rta Osiyo xalqlarining kundalik hayoti

Arxiv fotosuratlarida aks etgan O‘rta Osiyo xalqlarining kundalik hayoti

9-iyun – Xalqaro arxivlar kuni

 

O‘rta Osiyo xalqlarining kundalik hayot madaniyati – mahalliy aholining mashg‘ulotlari, yashash tarzi, urf-odatlari, anʼanalari o‘tmish fotosuratchilarini juda qattiq qiziqtirgan. XIX asrning oxirgi o‘n yilliklarida fotosurat sanʼatining rivojlanishi tufayli anʼanaviy kundalik madaniyatning turli jabhalarini suratga muhrlash imkoni paydo bo‘ldi. Fotosuratlar nafaqat yozma maʼlumotlar yonidagi qo‘shimcha tarzda xizmat qildi, balki mustaqil etnografik manba darajasiga yetishdi.

 

O‘rta Osiyoda etnografik yo‘nalishda olingan dastlabki fotosuratlar 1871–1872-yilgi Turkiston albomi uchun tayyorlangan edi. Ularning bari jamoatchilik ko‘rinishida bo‘lib, ko‘chalarda, maydonlarda, choyxonalarda, bozorlarda amalga oshirilib, tabiiyki, asosan erkaklarning kundalik madaniyati tarzida fotosuratga tushirildi. Fotosuratchilar hunarmandlik ustaxonalarida, savdo peshtaxtalari oldida, xalq sayillari ichida, kurashlar davrasida, diniy marosimlarni amalga oshirayotganlarni kuzatish barobarida ishladi. Tabiiyki, shaharlarning bu jarayonlarida anʼanaviy tarzda faqat erkaklar ko‘zga tashlanardi. Agar fotosuratlarda nogoh ayollar duch kelib qolsa, ular albatta, paranji-chachvonga o‘rangan bo‘lishadi. Jamiyat hayotining xilma-xil ko‘rinishlarini kuzatish mumkin bo‘lgan bozor sharoitlari fotosuratchilarning eng sevimli joylaridan biriga aylangan edi.

 

1867-yilda Turkiston o‘lkasi gubernatori K.P.fon Kaufman mashhur rassom V.V.Vereshchaginni – mahalliy tabiat va mahalliy xalqlar ko‘rinishlari haqida ko‘plab suratlar tayyorlashini so‘rab, Turkistonga taklif qiladi.

 

Vereshchagin Toshkentning bozor kunlaridan birini quyidagicha tasvirlaydi: “Bozor maydonidagi rastalar atrofida tevarak-atrofdan nafaqat savdo qilish, balki qarindosh-urug‘lar, tanish-bilishlar bilan uchrashish, u yoq-bu yoqdan suhbatlashish uchun ko‘plab otliqlar, piyodalar to‘planib qolgan edi. Ayrimlari 20 chaqirim uzoqdan kechga qolmaslik niyatida shoshib-pishib, harsillab yetib kelishardi. Bundan maqsad – olomonni kuzatish, o‘z tashvishlari bilan band bo‘lib, u rastadan bu rastaga shoshayotgan odamlar orasida kun bo‘yi tentirab yurish, kim nima savdo qilayotgan, tortishib-bahslashayotgan bo‘lsa, uni ko‘rish, sotuvchi va xaridorning holatini kuzatish, savdo qilinayotgan mahsulotga qay tarzda narx belgilayotganlarini bilish maqsadida xaridor va sotuvchidan bu haqda so‘rash, aniqlash, imkon topilsa, ular orasida dallollik qilib yuborish, agar kimdir bir kosa ovqat taklif qilsa, hech ikkilanmay qornini to‘ydirib olish va kechga tomon bir dunyo gap yig‘ib, toza vijdon bilan qishlog‘iga qaytib kelish edi”.

 

1900–1902-yilgi O‘rta Osiyoga xizmat safaridan so‘ng S.M.Dudin O‘rta Osiyo bozorlariga yana-da yorqin va chiroyli taʼrif bera olgan. Uning kuzatishlariga ko‘ra, Buxoro, Toshkent, Samarqand, Qo‘qon, Andijon kabi savdo markazlarining bozorlarida odamlar judayam to‘lib ketadi. Haftaning ayrim kunlari maxsus bozor kunlariga aylantirilib, shu kunlari harakat misli ko‘rilmas darajada kuchayib, hammayoq tiqilinch bo‘ladi. Buxoro bozorida olomon hayratlanarli darajada qiziqarli va ko‘zga yaqin. Piyodalar; ot va eshak minib, tuyalarga yuk ortganlar; suv tashuvchilar; shirinliklar, qaynatilgan kalla-pocha, til, quyruq sotuvchilar – u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa olomon oralab, quloqni qomatga keltiradigan darajada baland ovoz bilan o‘z mahsulotlarini taʼriflab xaridor chaqirib, harakatlanadilar…

 

U o‘zining yuzdan ortiq fotosuratlarida “bozor hayoti”ning ana shu betakror holatlari, xilma-xil turlanishlarini, bozorning tashkillanishi va tuzilishini tasvirlashga harakat qildi.

 

Dudin ko‘p fotosuratlarni – Samarqandning Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori kabi ulug‘vor uch madrasasi joylashgan Registon maydonidagi eng katta bozoridan olgan. Uning safar hisobotida yozgan xotiralari bilan suratlarga ko‘chgan holatlar bir-biriga uyg‘unlashib, bir-birini to‘ldirib turadi: “Bir tomonda ho‘l mevalar bilan savdo qiluvchilar rastasi, ularning qarama-qarshi tomonida esa qatiq, muzqaymoq, yaxna suv sotuvchilari; bir tarafda – choyxona va ayirboshlash do‘konchalari, ikkinchi tarafda – nosvoychilar va chilimchilar o‘z mahsulotini shu yerda tayyorlab, xaridorini kutadi. Maydon bo‘ylab ular orasida ochiq qolgan joylar oralab betartib sharoitda turli-tuman yeguliklar: pishloq, bo‘g‘irsoq sotuvchilar terilgan; kabobchilar kabob pishiradigan jihozlarini yelkalab ketyapti; qo‘yning qaynatilgan kalla-pochasi, ichak-chavog‘i, tili, quyrug‘ini sotuvchilar ham shu yerda. Nonvoylar savatlarini nonga to‘ldirib, sotuvchilar va xaridorlar oralab, “yumshoq non”, “issiq non” deya o‘z nonini maqtab, xaridor chaqirib yuribdi. Ularning tepasida to‘rtburchak soyabon ayvonlar quyosh tig‘ida oqarib, ko‘karib, yaltirab turipti. Soyabonlar soyasi bilan kesilgan bo‘lak-bo‘lak joylarda tarvuz va qovun xirmonlari uyulib, quyoshda yaltirayapti. Bir burchakda chiroyli terilgan olma, anor, nok, uzum uyumlari gilamday yastanib yotibdi… To‘rqovoqda eng sevimli qushi – bedana sayrayapti. Hammasining tepasida, o‘ng va chap tomonlarda turli yozuvlar, bezaklar, mozaikalar bilan bezatilgan madrasa devorlari va uning ensiz, baland, chiroyli minoralari qad rostlab turibdi.

 

Oxirgi izoh O‘rta Osiyo shaharlarining oldingi holatini, kundalik turmush tarzining meʼmoriy obidalar va tarix bilan chambarchas bog‘liqligini aniq-tiniq ifodalaydi. Etnografik fotosuratlar esa bu gaplarni hujjatli asosda tasdiqlaydi.

Arxiv fotosuratlarida aks etgan O‘rta Osiyo xalqlarining kundalik hayoti
Arxiv fotosuratlarida aks etgan O‘rta Osiyo xalqlarining kundalik hayoti
Arxiv fotosuratlarida aks etgan O‘rta Osiyo xalqlarining kundalik hayoti
Arxiv fotosuratlarida aks etgan O‘rta Osiyo xalqlarining kundalik hayoti
Arxiv fotosuratlarida aks etgan O‘rta Osiyo xalqlarining kundalik hayoti
Arxiv fotosuratlarida aks etgan O‘rta Osiyo xalqlarining kundalik hayoti
Arxiv fotosuratlarida aks etgan O‘rta Osiyo xalqlarining kundalik hayoti