Mahobatli rangtasvirlar orqali tarixga nazar

Mahobatli rangtasvirlar orqali tarixga nazar

Movarounnahr zaminida yuz bergan Birinchi Renessans davrini tasvirlovchi mahobatli rangtasvir asari yaratilmoqda. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xabar qildi.

Mahobatli rangtasvirlar orqali tarixga nazar

Ushbu kompozitsiya Xitoydagi maxsus ustaxonalarda mikromozaika texnologiyasi asosida tayyorlanayotgan bo‘lib, uning balandligi 8 metr, kengligi 4 metr. Asarda 100 dan ortiq turli rangdagi toshlardan foydalaniladi bu esa har bir detalning yuksak aniqlik va zichlik bilan yaratilishiga xizmat qiladi. Bu mozaikada milliy miniatyura sanʼati uslubi, klassik sharq rassomchiligi anʼanalari ham samarali qo‘llanilgan.

 

Asarning yuqori qismida Qurʼoni karimning “Zumar” surasidagi "Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!" oyati keltiriladi, maʼlumotlarga ko‘ra, bu so‘zlar butun kompozitsiyaning g‘oyaviy asosini tashkil etadi.

 

Islom dini kirib kelganidan so‘ng, hozirgi O‘zbekiston hududlari ilm-fan va maʼrifatning markaziga aylandi. IX-XI asrlar oralig‘ida Buxoro, Samarqand, Termiz, Nasaf kabi shaharlar dunyodagi eng nufuzli ilm markazlaridan biri sifatida tan olindi. Bu yerlarda yetishib chiqqan allomalar nafaqat islomiy ilmlarda, balki falsafa, matematika, astronomiya, kimyo, tibbiyot va boshqa dunyoviy fanlarda ham ulkan yutuqlarga erishdi. Mazkur rangtasvir kompozitsiyasida aynan shu tarixiy davrning maʼnaviy muhiti aniq badiiy ifodalar orqali aks ettiriladi.

 

—  Asarda Imom al-Buxoriy o‘zining “Sahihi Buxoriy” asarini yozib o‘tirgan holda, uning yonida ilm olish uchun kelgan talabalarni ko‘rish mumkin. Hakim Termiziy tasavvufiy mulohazalarga cho‘mgan holda tasvirlangan. Qaffol Shoshiy fiqh masalalari ustida ishlayotgan bir pallada, Burhoniddin Marg‘inoniy mashhur “Hidoya” asari ustidan fikr yuritmoqda. Matematika va algoritm nazariyalarini ilmiy asoslab bergan Muhammad Xorazmiy g‘oyat zehn bilan hisob-kitoblar yuritmoqda. Abu Rayhon Beruniy geografik xaritalar chizmoqda, Abu Nasr Forobiy musiqa nazariyasi va falsafa qoidalarini tushuntirmoqda. Eng muhimi, tibbiyot fanini mukammallik darajasiga olib chiqqan Ibn Sinoning tabobat ustidagi mashg‘ulotlari, inson anatomiyasiga oid chizmalari ham badiiy tilak bilan to‘liq tasvirlangan bo‘ladi, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov.

 

Ana shunday 14 ta rangtasvir kompozitsiyasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bosh kirish qismida joylashtiriladi.

 

Asar faqatgina tasviriy sanʼat namunasi emas, balki maʼrifat va tarix, falsafa va badiiy fikr, islomiy meros va milliy o‘zlikning uyg‘un ifodasidir.