ISESCO rahbariga Katta Langar Qurʼonining faksimil nusxasi hadya qilindi

ISESCO rahbariga Katta Langar Qurʼonining faksimil nusxasi hadya qilindi

Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ISESCO) rahbari Salim ibn Muhammad Al-Malik boshchiligidagi hayʼat O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Kuni kecha mehmonlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga keldi, deya xabar qildi Markaz axborot xizmati.

ISESCO rahbariga Katta Langar Qurʼonining faksimil nusxasi hadya qilindi

 Mehmonlar Prezident tashabbusi bilan barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining qurilish jarayoni, Markazning 2-qavatida ICESCO uchun ajratilgan maxsus ofis bilan tanishdi.

 

— Dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lganman, ammo islom madaniyati va sivilizatsiyasiga yuksak eʼtiborni O‘zbekistonda ko‘rdim. Madaniy merosni o‘rganishga, islom tamadduniga davlat darajasida eʼtibor qaratilayotgani meni quvontirdi”, — dedi Salim ibn Muhammad al-Malik.

Tashrif davomida ikki tomonlama hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi. Jumladan, “O‘zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki” mavzusida xalqaro global ko‘rgazmani tashkil etish rejalashtirilayotgani, hozirga kelib 12 ta xorijiy mamlakat, xususan, Malayziya, Yaponiya, Pokiston, Hindiston, Quvayt, BAA, Rossiya, Ozarbayjon, Italiya, Germaniya singari xorijiy davlatlardagi muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar bilan muzokaralar olib borilib, Markazda tashkil etiladigan global xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etish uchun kelishuvga erishilgani haqida maʼlumot berildi.  

 

O‘z navbatida, janob Salim Al-Malik ICESCO‘ga aʼzo islom davlatlarida saqlanayotgan va O‘zbekistonga bevosita aloqador bo‘lgan tarixiy artefaktlar, qimmatli qo‘lyozmalarning maxsus ko‘rgazmasini o‘tkazishga ham amaliy yordam berishga tayyorligini maʼlum qildi.

 

Shuningdek, martabali mehmon O‘zbekistonda madaniy merosni o‘rganish, tadqiq qilish, izlanishlar olib borilishi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan ham tanishtirildi. Xususan, noyob qo‘lyozmalarning faksimil nusxalarini tayyorlash, nashriyot ishlari kabi  yo‘lga qo‘yilgan bir qator loyihalar doirasida Yer yuzidagi eng qadimiy nusxalardan biri hisoblangan Katta Langar Qurʼonining tarqalib ketgan qo‘lyozmalari tadqiq qilingani, O‘zbekiston va Rossiyada saqlanayotgan sahifalari yagona jildda chop etilgani haqida ham maʼlumot berildi. Muloqot chog‘ida WOSCU raisi, Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov mehmonga ana shu Katta Langar Qurʼonining faksimil nusxasini hadya qildi.  

ISESCO rahbariga Katta Langar Qurʼonining faksimil nusxasi hadya qilindi