Samarqand arxeologiya instituti, Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti (Sian) hamda Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti olimlari hamkorligida Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida joylashgan qadimiy Chinortepa arxeologik yodgorligida keng ko‘lamli ilmiy qazishma ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
_1.webp)
Ushbu xalqaro hamkorlik doirasidagi ilmiy ekspeditsiyada qadimiy tamaddunlar, kechirilgan turmush tarzi, madaniyati va tarixiy rivojlanish bosqichlarini chuqur o‘rganish nazarda tutilgan.
2023-yildan buyon davom etayotgan qazishma jarayonida turli davrlarga oid sopol buyum va boshqa muhim topilmalar aniqlanmoqda. Bu topilmalar orqali mintaqaning qadimiy ijtimoiy hayoti va madaniy darajasi haqida muhim ilmiy xulosalar chiqarilishi kutilmoqda.
Tadqiqotlarda Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sardor Ahmedov va tadqiqotchi Rahim Xudoyberdiyev faol ishtirok etmoqda. Xitoylik hamkorlar safida esa Shimoli-g‘arbiy universitetning jami 12 nafar professor, magistrant va bakalavr talabalari qatnashmoqda. Ekspeditsiyada arxeologlardan tashqari tuproqshunos mutaxassislar ham jalb etilgan.
Chinortepa yodgorligidagi tadqiqotlar ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash barobarida O‘zbekistonning boy tarixiy merosini xalqaro miqyosda tadqiq etishga muhim hissa qo‘shadi.

