Vengriyalik sharqshunos, sayohatchi, zoolog va etnograf Dyord Almashi (1933-yilda vafot etgan) O‘rta Osiyoga ekspeditsiyasini rejalashtirganda uning niyati mutlaqo boshqa edi. U hozirgi kunda Qozog‘iston va Qirg‘izistonga tegishli bo‘lgan hududlarda zoologik va geologik tadqiqotlar olib bormoqchi edi. Shu bilan birga, Almashi Markaziy Osiyodan ilk vengerlarning izlarini topishga harakat qilayotgan vengriyalik sayohatchilarning umumiy intilishlari bilan ham tanishgan va shuningdek o‘zi ham etnografik kuzatishlarga juda qiziqar edi.

Almashi tadbirkorlik ishlari bo‘yicha muzokaralar olib borish va shaharni aylanish maqsadida Samarqandda to‘xtaydi. Uni bu yerdagi tarixiy obidalar hayratga soladi va u buni “o‘tmish va hozirgi zamon uchrashgan joylar” sifatida tasvirlaydi. U muhtasham binolarni ko‘rib shunchalik hayratga tushdiki, vokzalga qaytayotib, ularni yana tomosha qilish uchun aylanma yo‘l orqali yana bir bor o‘tadi.
Almashi hozirgi O‘zbekiston hududida bor-yo‘g‘i besh kun (bir kun Samarqandda, to‘rt kun Toshkentda) turgan bo‘lsa ham o‘z sayohatining keyingi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida, Turkistonlik aholi o‘rtasida etnografik tadqiqotlar olib borishga ham vaqt topa olgan. U 1903-yilda chop etilgan kitobida bu hududda istiqomat qiluvchi turli xalq va urug‘lar haqida batafsil maʼlumotlar beradi va eng muhim etnik atamalarni ham tushuntirib beradi.

Almashi ushbu mintaqaga ikkinchi safarini 1906-yilda amalga oshirgan. Bu safar unga yana bir venger olimi, yosh geolog va geograf Dyula Prins (1973-yilda vafot etgan) hamrohlik qiladi. Ularning maqsadi Farg‘ona vodiysining sharqiy tomonidagi tog‘larni xaritaga tushirish bo‘lgani uchun hozirgi O‘zbekiston hududida ko‘p vaqt turishmagan. Ekspeditsiyaning muvaffaqiyati Prinsni Tyan Shan tog‘lariga ikkinchi marta safar uyushtirishga undaydi. Prins yo‘l-yo‘lakay Toshkent va Andijonda ham bo‘lib, 1911-yilgi safar xotiralarida Andijonni tasvirlash uchun bir necha sahifa ajratadi.

