Ustyurtdagi sir: nayzasimon tosh izlar nimadan dalolat?

Ustyurtdagi sir: nayzasimon tosh izlar nimadan dalolat?

Ustyurt! Moziyning million yillik sir-sinoatlarini o‘z bag‘rida yashirgan bepoyon kengliklar! Bu ko‘hna makonning bir necha o‘n yillardan beri ilm ahlini o‘yga toldirib kelayotgan jumboqlaridan biri uning “nayzasimon inshootlari”dir. Kimsasiz sahro bag‘ridagi o‘yiqlarni yaqindan ko‘rib, unda hech qanday sirli belgi topa olmassiz. Ammo yerdan qush parvozi balandligida ko‘tarilganda poyonsiz kengliklar, azaliy qumliklar bag‘rida ulkan nayzalarning o‘yma tasviri ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Yerdan yuzlab metr balandlikdagina yaqqol ko‘zga tashlanadigan bu o‘yiqlarni yerda, taqir kengliklarda turib kim bunday aniqlikda qazidi ekan?  Uzundan-uzun bu o‘yiqlar qanday vazifani bajargan? Olimlar tomonidan turli taxminlar, farazlar bildirilmoqda. 

Ustyurtdagi sir: nayzasimon tosh izlar nimadan dalolat?
Ustyurt, Oʻzbekistonning shimoli-gʻarbi (Qoraqalpogʻiston) va Qozogʻiston hududlaridagi plato

O‘tgan asrning 70 — 80-yillarida bu nayzasimon obyektlar dunyo miqyosida ko‘plab olimlar va ommaviy axborot vositalari eʼtiborini jalb qildi. Baʼzi jurnalistlar va boshqa tadqiqotchilar bu inshootlarni o‘zga sayyoraliklar qurgan degan taxminlarni ham bildirgan.

 

Obyektlar dastlab 1952-yili taniqli olim Sergey Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan aniqlangan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston hududida 120 dan ortiq ana shunday sirli shakllarni ko‘rish mumkin.

 

Mutaxassislar fikricha, nayzasimon qurilmalar qariyb ikki ming yil davomida (miloddan avvalgi V-II asrlardan to XIV asrgacha) bo‘lgan davr mobaynida qurilgan va foydalanilgan bo‘lishi mumkin.

 

Suv uchunmi, ov uchunmi?

 

Sahroda hayot kechirish uchun, birinchi navbatda, suv kerak. Bunday sharoitda yog‘ingarchilik obihayotning asosiy manbai hisoblanadi. Qoraqalpoq olimlari “nayzasimon obyektlar”ni qadimda ko‘chmanchi qabilalar suv to‘plash uchun qurgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildiradi. Ustyurt hududida yomg‘ir va qor suvlarini yig‘ish uchun ko‘chmanchi qabilalar shunday qazilmalarni bunyod etishgan.

 

Bunday inshootlar ovchilik maqsadida yaratilgan, degan taxminlar ham keng tarqalgan. 1825—1826-yillarda Orol va Kaspiy dengizlari oralig‘idagi yerlarga uyushtirilgan F.Berg boshchiligidagi rus ilmiy ekspeditsiyasi materiallarida bu hududda qulonlar, tarpanlar (yovvoyi otlar) va sayg‘oqlar ko‘pligi, ular uzunligi 300-400 metr, chuqurligi 3-4 fut keladigan maxsus o‘zanlardan tosh bilan qurshalgan qo‘raga haydab kirgizilishi va qo‘lga olinishi tasvirlanadi. Bunda mahalliy ovchilar 10-15 kilometr radius bo‘ylab o‘lja izlashgan, sayg‘oqlardek ovoz chiqarib, jonivorlarni ergashtirib kelishgan va maxsus yo‘laklarning boshida tutashadigan qo‘ralarga qamashgan.

 

Qo‘ralarni qoraqalpoqlar qadimda aran deb atashgan. Aranning atrofida bir nechta maxsus chuqurchalar bo‘lgan. Aranning  chetida uchli qilib kesilgan qamish poyalari qotirilgan. Bu o‘ljaning u yerdan qochib ketolmasligini taʼminlagan. Qoraqalpoq dostonlarida “og‘zini arandek ochdi”, “og‘zi arandek ochilgan” kabi mubolag‘alar ham uchraydi. Aran so‘zi Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida ham og‘il, qo‘ra, otxona singari maʼnolarda ishlatilgan. XVΙΙΙ asrning mashhur tarixchisi, Xiva xoni Abulg‘ozi Bahodirxon (1603-1664) “Shajarai tarokima” asarida turkman xalqining qora-o‘yli va ersari qabilalari ovchilik va dehqonchilik bilan kun kechirgani, qamishdan maxsus aranlar qurishgani haqida yozadi.

 

Ustyurtdagi sir: nayzasimon tosh izlar nimadan dalolat?
Foto: Internet manbalari
Ustyurtdagi sir: nayzasimon tosh izlar nimadan dalolat?
Foto: Internet manbalari

Geogliflarga ham o‘xshaydi...

 

Ustyurt platosidagi sirli tasvirlar O‘zbekiston hududidan 15 ming kilometr narida, Peruning janubiy sohillarida joylashgan Naska sahrosidan topilgan yersuvratlar – geogliflarga o‘xshab ketadi.

 

1994-yilda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ushbu tasvirlar ham insoniyatga hali-hanuz o‘z sirlarini to‘laligicha ochgani yo‘q. Naska suratlarini ham xuddi Ustyurtdagi singari yerda yurganda payqash qiyin. Ularni ham kamida qush parvozi balandligidagina ko‘ra olish mumkin. Bu geogliflarnining asosiy qismini qush, maymun, o‘rgimchak, gul ko‘rinishidagi o‘nlab suratlar, minglab to‘g‘ri chiziqlar, uchburchak, trapetsiya va spiral ko‘rinishidagi tasvirlar tashkil qiladi. Ushbu tasvirlar platoning yuza qismiga taxminan bir metr kenglikdagi, o‘rtacha 25-30 santimetr chuqurlikdagi o‘yiqlar yordamida chizilgan, kattaligi turlicha. Masalan, kolibri qushining uzunligi 30 metrni tashkil qilsa, kaltakesak tasviri 188 metrgacha boradi. Olimlar ushbu tasvirlar miloddan avvalgi II asrdan XII asrgacha bo‘lgan davrda chizilgan, degan fikrlarni ilgari surgan. Mazkur tasvirlar ham nima maqsadda va qay usulda yasalgani haqida bir-birini inkor etadigan taxminlar mavjud. Ayrim olimlar bu suratlar Naska platosi yevropalik mustamlakachilar kirib kelishidan ancha ilgari inklar madaniyati davrida, boshqa birovlar esa hatto undan ham oldin paydo bo‘lgan, degan farazni bildirgan.  

Ustyurtdagi sir: nayzasimon tosh izlar nimadan dalolat?
Naska sahrosi, Chili

Faqat bugina emas…

 

Bir qarashda dunyoning ikki mintaqasida insoniyat aql-zakosi tufayli paydo bo‘lgan bu yirik hajmli suratlar o‘rtasida bog‘liq jihatlar ko‘p. Avvalo, har ikki mintaqadan topilgan tasvirlarning nima maqsadda ishlangani to‘la-to‘kis aniqlanmagan. Qolaversa, har ikkala hudud iqlimi bir-biriga yaqin. Ularning relyefi, yer sathi ham o‘xshash. Lekin farqli tomonlari ham ko‘p. Deylik, Perudagi tasvirlar xilma-xil, ularning aksariyati aniq maʼno va mazmunga ega. Ustyurtdagi shakllardan aniq maʼno uqish qiyin. Naska sahrosidagi topilmalar soni Ustyurtdagiga qaraganda ko‘proq, biroq hajman bir necha baravar kichik.

 

Rustam Jabborov, WOSCU loyihalari koordinatori