Xorazmda 40 dan ortiq hunarmandchilik yo‘nalishlari rivojlangan bo‘lib, sayyohlar mahsulot tayyorlash jarayoniga ham qiziqadi. Shu munosabat bilan Mevaston mahallasida 6 gektar yerda Hunarmandchilik markazi tashkil etiladi va har yili hunarmand shogirdlarni tayyorlashga 1 milliard so‘m ajratib boriladi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda maʼlum qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda Xorazmdagi ko‘plab madaniy yodgorliklar hali o‘rganilmay turilgani, Hazoraspdagi “Sulaymon qalʼa”, Bog‘otdagi “Qalajik qalʼa” kabi tarixiy maskanlar, Yangiariqdagi “Xon bog‘i”, “Olma otishgan qalʼa” tarixiy obyektlari haqida maʼlumot kamligi qayd etildi.
Mutasaddilarga chet eldan tajribali arxeologlarni jalb qilib, tarixiy obidalarni aniqlash va tiklash bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududidagi 8 ta qadimiy qalʼalarni o‘zaro bog‘lovchi to‘rt kunlik “Qalʼa tur” marshruti ishlab chiqiladi. Ushbu qalʼalar atrofida master-reja asosida xizmat ko‘rsatish obyektlari ishga tushiriladi.

