Sarixani kolleksiyasi: O‘zbekistonga oid noyob eksponatlar Londonda

Sarixani kolleksiyasi: O‘zbekistonga oid noyob eksponatlar Londonda

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari F.Abduholiqov boshchiligidagi delegatsiya vakillari Buyuk Britaniyaga ilmiy safar uyushtirdi. Safar davomida Londondagi mashhur Sarixani kolleksiyasi rahbari Ali Sarixani bilan uchrashuv o‘tkazildi, deya xabar berdi ISM axborot xizmati. 

 

Maʼlumotga ko‘ra, Ali Sarixani asli Eronda tug‘ilgan, o‘tgan asrning 70-yillari oxirida oilasi bilan Londonga ko‘chib kelgan. Bu yerda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish barobarida o‘zining boy kolleksiyasiga asos solgan.

 

Sarixani kolleksiyasida  ayni paytda Sharq xalqlari tarixiga oid mingdan ortiq noyob eksponatlar saqlanadi. Ular orasida bevosita O‘zbekiston tarixi va madaniyati bilan bog‘liq osori-atiqalar ham anchagina. Jumladan, saljuqiylar, somoniylar, xorazmshohlar, temuriylar davriga oid o‘nlab qadimiy eksponatlar, nodir qo‘lyozmalar saqlanadi.

 

O‘zbekistonga oid nodir Qurʼon sahifalari, 1438-yilda Hirotda, Shohrux Mirzo davrida yaratilgan “Meʼrojnoma” asari miniatyurasi, xalq amaliy sanʼati buyumlari o‘zbekistonlik tadqiqotchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

 

Uchrashuvda, shuningdek, Toshkentda Ali Sarixani kolleksiyasidagi O‘zbekistonga aloqador eksponatlar ko‘rgazmasini tashkil qilish masalalari ham muhokama qilindi.

 

Delegatsiyaning safari davom etmoqda.

Sarixani kolleksiyasi:  O‘zbekistonga oid noyob eksponatlar Londonda