18-aprel – Xalqaro yodgorliklar va tarixiy joylarni asrash kuni
Ushbu sana 1983-yilda YUNESKO qoshida xalqaro madaniy yodgorliklarni saqlash va asrab-avaylash masalalariga e’tiborni jalb qilish uchun Xalqaro yodgorliklar va obidalarni himoya qilish xalqaro kengashi (ICOMOS) tomonidan ta’sis etilgan. Xalqaro yodgorliklar va tarixiy obidalar kuni birinchi marta 1984-yil 18-aprelda nishonlangan.
Maqsad – insoniyatning madaniy merosini turli shakllarda o‘rganish va mahalliy jamoalarni madaniy merosning ahamiyatini anglashga undash.
Xalqaro kun doirasida madaniy merosni saqlash va himoya qilishga bag‘ishlangan anjumanlar, shuningdek, boshqa tadbirlar o‘tkaziladi, ba’zi muzeylarda kirish chiptalari bepul qilinadi, odatiy kunlarda yopiq bo‘lgan me’moriy majmualar va tarixiy binolarga kirish mumkin bo‘ladi.
Sana munosabati bilan YUNESKO "Jahon xotirasi" ro‘yxatiga yana 74 ta yangi hujjat kiritilganini e’lon qildi. Ular orasida Turkiya va O‘zbekiston tomonidan kiritilgan Fazlulloh Rashididdin ibn Imomuddavla (Hamadoniy, XIV asrda yashagan mashhur Sharq tarixchisi) “Jome’-at tavorix” (Tarixlar to’plami) asari ham bor. Ma’lumotlarga ko’ra, ushbu asarning 2 ta qo’lyozmasi mavjud bo’lib, biri Turkiyadagi To‘pqopi saroyi kutubxonasida, ikkinchisi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanmoqda (suratda).

Shu tariqa “Jahon xotirasi” ro‘yxatidagi kolleksiyalarning umumiy soni 570 taga yetdi. 72 ta mamlakat va 4 ta xalqaro tashkilot tomonidan taqdim etilgan yangi elementlar, xususan, ilmiy inqilob, ayollarning tarixga qo‘shgan hissasi va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning asosiy bosqichlariga taalluqlidir.
Ma’lumot uchun: 2021-yilda “Moddiy madaniy meros obyektlari va YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O’zbekiston Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, 2021—2030-yillarda mamlakat tomonidan YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxati, Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxati, Jahon xotirasi ro‘yxatiga madaniy va tabiiy meroslarni kiritishga ilgari surish bo‘yicha MILLIY REJA ishlab chiqilgan.
Jumladan, “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga quyidagi madaniy va tabiiy meroslarni kiritish ilgari surilgan:
1. “Sharh al-mulaxxas fi al-hay’a” (“Astronomiyaga qisqacha sharh”) Xorazmlik alloma, astronom Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Chag‘miniy al-Xorazmiy
2. Buxoro amirligi Qushbegisi mahkamasining hujjatlari
3. Vaqf hujjatlari kolleksiyasi
4. Birinchi o‘zbek kinooperatori va kinosan’atining asoschisi Xudoybergan Devonov kinofoto hujjatlari
5. Ikkinchi Jahon urushi yillarida O‘zbekistonga evakuatsiya qilishga oid hujjatlar
WOSCU axborot xizmati
