O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” loyihasi doirasida dunyoning turli muzeylarida saqlanayotgan eksponatlarning asl nusxalarini olib kelish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Markaz axborot xizmati xabar qildi.
“Yaponiyadagi muzeylardan tortib Parijdagi mashhur Luvr muzeyigacha saqlanayotgan ko‘plab eksponatlar bizning mintaqa sivilizatsiyalar davri bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli ham bu tarixni qayta tiklash, ularni O‘zbekistonga qaytarish tashabbusi ilgari surilmoqda”, deyiladi xabarda.
Loyihaning muhim jihati shundaki, eksponatlar nafaqat ko‘rgazma uchun, balki chuqur ilmiy izlanishlar, taʼlim va madaniy tadbirlar asosida keng auditoriyaga taqdim etiladi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish maqsadida 9 ta yo‘nalish qamrab olingan bo‘lib, 5 ta zal eksponatlar bilan boyitiladi. Ayni paytda barcha loyihalar 1-bosqich jarayonida va joriy yilning sentyabr oyigacha muzey ekspozitsiyasini to‘ldirish rejalashtirilgan.
