Ayni kunlarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tuzilgan bir guruh olimlar tomonidan “Temur tuzuklari”ning qadimiy qo‘lyozmalari va nashrlarining nusxalari tayyorlanib, ekspozitsiya uchun to‘planmoqda.

Markazda Amir Temur va temuriylarga alohida joy ajratilgan bo‘lib, manbalar asosida davlatning maʼmuriy-hududiy boshqaruviga oid materiallar yaratilishi rejalashtirilgan.
— Sohibqiron imperiyasining rangdor “smart” xaritasi va “Temur tuzuklari”ning o‘nlab nashrlari jamlanadi. Amir Temur va Temuriylarga oid ko‘plab eksponatlar yig‘ilib va Sohibqironning xorij rassomlari tomonidan chizilgan, ammo hali keng jamoatchilikka maʼlum bo‘lmagan suratlari namoyish etiladi, — dedi Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali.
Ilmiy-innovatsion loyihalar WOSCU, O‘z FA Sharqshunoslik instituti, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi, Tashqi ishlar vazirligi va Rossiya FA Sharqshunoslik instituti, Tojikiston Milliy universiteti hamda qator xalqaro hamkorlar bilan birga amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
