Temuriylar davri koshinlari: G‘arbda muhtasham me’morchiligimiz aksi

Temuriylar davri koshinlari: G‘arbda muhtasham me’morchiligimiz aksi

Amir Temur davri me’moriy koshin san’ati o‘zbek madaniyati tarixining yorqin sahifalaridan biriga aylandi. XIV-XV asrlarda Samarqand, Shahrisabz va Buxoroda yaratilgan bu durdonalar masjid, maqbara va madrasalarni bezabgina qolmay, temuriylar davrining ulug‘vorlik ramziga aylandi.

Temuriylar davri koshinlari: G‘arbda muhtasham me’morchiligimiz aksi
Koshin, qoplama bo‘lagi, terma naqsh (43x62,7 sm)
XV asr, temuriylar davri
Fondazione Torino Musei ruxsati bilan chop etilgan

 

Bugungi kunda Temuriylar davri koshinlarining noyob namunalarini Italiya muzeylarida ko‘rish mumkin. Ular san’at ixlosmandlarida hayrat va zavq uyg‘otmoqda. Yorqin firuza, lojuvard va oq rang qoplamali sirlangan koshinlar o‘zining bajarilish texnikasi va nafis naqshlari bilan kishini hayratga soladi. Geometrik (girih) naqshlar, xattotlik yozuvlari va uslublashtirilgan o’simliksimon (islimiy) naqshlar Movarounnahr me’morchiligiga xos bo‘lgan go‘zallik va garmoniyaning chuqur falsafasini aks ettiradi.

 

Samarqand va Shahrisabz ustalari murakkab texnologiyalardan, masalan, ikki marta kuydirib sirlash, “mushabbak” (ajur – bezakli koshin) texnikasi va o‘yma terrakota inkrustatsiyasidan foydalangan. Ushbu texnologiyalar quyosh nurida qimmatbaho toshlar kabi tovlanadigan noyob fasadlarni yaratish imkonini bergan.

 

Temuriylar davri koshinlarining Italiyaga borib qolishi Uyg‘onish davri bilan bog‘liq. O’shanda Yevropa kolleksionerlari Sharq san’ati asarlaridan hayratlanib, ularni to‘play boshlagan. 

 

Bugunda har bir koshin parchasi nafaqat badiiy asar, balki o‘zbek Uyg‘onish davrining buyuk madaniyatidan jonli xotira hamdir.

Temuriylar davri koshinlari: G‘arbda muhtasham me’morchiligimiz aksi
Temuriylar davri koshinlari: G‘arbda muhtasham me’morchiligimiz aksi

Material “O‘zbekiston madaniy merosi Italiya to‘plamlarida” (32-jild, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumi) kitobi asosida tayyorlandi. Kitob-albom World Society for the Study, Preservation and Promotion of the Cultural Legacy of Uzbekistan (WOSCU) xalqaro loyihasi doirasida chop etilgan. Kitob bilan kutubxonalar, muzeylar va loyihaning rasmiy veb-saytida tanishish mumkin: www.woscu.org .

 

WOSCU ахborot xizmati