Shaxmatning kelib chiqishi haqida ko‘plab afsona va taxminlar bor. Lekin mamlakatdagi arxeologik topilmalar bu o‘yinning haqiqiy vatani O‘zbekiston bo‘lishi mumkinligini inkor etmaydi. Olimlar Afrosiyob va Dalvarzintepadan topilgan shaxmat donalari dunyoning boshqa hududlaridan topilgan donalardan bir necha asr oldinroq yaratilganini isbotlagan.
Ayrim manbalarda kanadalik arxeologlar tomonidan 1991-yilda Iordaniyadan topilgan haykalcha — eng qadimiy shaxmat donasi deb taxmin qilinadi. Ushbu topilma VIII asrga oid bo‘lib, qumtoshdan yasalgan. Shuningdek, Samarqanddagi Afrosiyob xarobasidan topilgan, VII asrga mansub fil suyagidan yasalgan shaxmat donalari eng qadimgisi sifatida e’tirof etiladi. Afrosiyob shaxmat donalari shoh, vazir, arava, fil, ikki qurolli otliq va piyoda jangchidan iborat.
Bundan ham qadimiyroq topilmalar 1972-yilda Dalvarzintepadan aniqlangan. Galina Pugachenkova boshchiligidagi ekspeditsiya tomonidan qazilgan shaxmat donalari eramizning II asriga mansub deb baholangan. Donalardan biri fil shaklida, ikkinchisi esa ot figurasida bo‘lib, ular o‘sha davrdagi shaxmatning rivojlanganini tasdiqlaydi.
Mazkur topilma hozirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti noyob obyektlar bo‘limida saqlanmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yurtimiz xududidan topilgan qadimiy shaxmat donalari haqida ham ma’lumot olish mumkin.


