Pokistonda Beruniyning ilmiy laboratoriyasi aniqlandi

Pokistonda Beruniyning ilmiy laboratoriyasi aniqlandi

Abu Rayhon Beruniy (973-1048) ilmiy merosi bugungi kunda dunyoning turli mamlakatlarida tadqiq qilinmoqda. U yashagan, ilmiy tadqiqotlar olib borgan hududlar har doim jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelgan.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Sulton Mahmud G‘aznaviy 1037-yilda Hindistonga qilgan yurishida Beruniyni ham o‘zi bilan birga olib ketadi. Sulton qo‘shini yo‘l yo‘lakay bir qator shahar va qal’alarni zabt etadi. Ular orasida baland tog‘ etaklarida joylashgan, hindlarning Nandana qo‘rg‘oni ham bor edi.

Qo‘rg‘onning g‘arb tomonida baland tog‘, janubiy tomonida esa keng sahro joylashgan. Shu yerda alloma Quyosh harakatini oddiy usturlob yordamida o‘lchab ko‘radi va Yer kurrasi radiusining uzunligi 12 million 803 ming gazdan ortiqroqqa (salkam 6315 kilometrga)  teng ekanligini hisoblab chiqadi. Bu ko‘rsatkich bugungi aniq hisob kitoblardan  atigi 5 kilometrga  farq qiladi xolos.

Beruniy laboratoriyasining qoldiqlari hozirgi kunda Jhelum tumanidagi Nandana qal’asida saqlanib qolgan. Beruniy uchun Nandana qo‘rg‘oni o‘sha paytda maxsus ilmiy laboratori vazifasini o‘tagan. U bir necha shu qo‘rg‘onda yashab, hisob kitoblarini amalga oshirgan.

Ushbu qo‘rg‘on xarobalari bugunga qadar yetib kelgan bo‘lib, u Pokistonning Panjob viloyati hududida joylashgan. Qal’a bugungi kunda ancha xarob ahvolga kelib qolgan 2021-yil fevralda Pokiston Bosh vaziri Imron Xon mazkur tarixiy obidani restavratsiya qilish va hududni xalqaro sayyohlik markaziga aylantirish haqda qaror chiqargan. Biroq hali bu hududda ma’lum sabablarga ko‘ra amaliy harakatlar deyarli ko‘zga tashlanmayapti.

- Yaqinda Pokistonning Islomobod shahrida "Musulmon hamjamiyati xotin-qizlar ta’lim-tarbiyasi: tajribalar va imkoniyatlar" mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nomidan qatnashdim, - deydi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vakili, Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Gulnora G‘aniyeva. Konferensiya doirasida O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev, Panjob universiteti huzuridagi "Bobur merosi" markazi direktori professor Ruxshana Iftixar bilan uchrashuv o‘tkazdik. Unda Nandana qo‘rg‘oni hududidagi “Beruniy laboratoriyasi”ni o‘rganish masalasi borasida ham suhbatlashdik.

Ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mutasaddilari tomonidan Pokistonga ilmiy ekspeditsiya uyushtirish va buyuk bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniy ma’lum muddat faoliyat ko‘rsatgan va yirik kashfiyotlar qilgan bu tarixiy yodgorlikni tadqiq etish masalalari o‘rganilmoqda.

Pokistonda Beruniyning ilmiy laboratoriyasi aniqlandi