Ispaniyadagi qadimiy minora Ibn Sino nomi bilan atalgan

Ispaniyadagi qadimiy minora Ibn Sino nomi bilan atalgan

Buyuk olim Abu Ali Ibn Sinoning nomi va ilmiy merosi Sharq va G‘arbda ming yildan ortiq vaqt mobaynida keng tarqalgan. Ispaniyaga qarashli Ivisa orolidagi qadimiy  minora — ulug‘ tabib nomi bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlardan biri hisoblanadi. 

 

XIV asrda Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan Kastiliya elchisi Rui Gonzales de Klavixo o‘z kundaligida Ivisa shahridagi minora Ibn Sino nomi bilan atalgani haqida yozib qoldirgan.

Ivisa orolida joylashgan ushbu minora shaharning dengizga yaqin eng baland nuqtasida qad ko‘targan bo‘lib, ichki xonalarga ega bo‘lgan. Bu fakt Ibn Sinoning nafaqat Sharq, balki G‘arb madaniyatida ham o‘z o‘rni borligini tasdiqlaydi. Uning asarlari XII asrdan boshlab lotin tiliga tarjima qilingan va Yevropada keng ommalashgan. Xususan, italiyalik faylasuf Gerardo Kremoneze uning "Tib qonunlari" asarini tarjima qilgan, mashhur adib Aligeri Dante esa uni o‘zining "Ilohiy komediya" asarida zikr etgan.

Bugungi kunda Ivisa shahridagi markaziy ko‘chalardan biri Ibn Sino nomi bilan ataladi. Baland qal’a minorasi orolning muhim tarixiy yodgorliklari qatorida saqlanib qolgan. Ammo Klavixo tilga olgan minoraning keyinchalik nomi o‘zgarib ketgandir yoki aynan o‘sha minora bugungi kungacha yetib kelmagandir. Hozircha bu haqda aniq ma’lumot yo‘q.

Ispaniyadagi qadimiy minora Ibn Sino nomi bilan atalgan