O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, respublika hududidagi barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestrini tuzish va doimiy monitoringini yuritish vazifasi belgilangan.
Ushbu qaror asosida respublika hududidagi barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestri, kataloglari va elektron nusxalari tuziladi. Bir jildda Qurʼon qo‘lyozmalari 1000 donasi ilmiy tavsiflari, kitobning holati, bezaklari, muqovalari, o‘lchamlari, uni ko‘chirgan xattot va kitob haqidagi maʼlumotlar to‘liq ifodasini topadi.
Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov tomonidan Qurʼon qo‘lyozmalarining alohida reyestrini tuzish taklifi berildi va shu asosda markazda tegishli ishlar boshlab yuborildi.
“Respublika hududidagi barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni o‘rganish ishlari amalga oshirilgan. Hozirgi kungacha 9000 dan ortiq manbalarning davlat reyestri tuzildi”, — deydi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi masʼul xodimi Azimjon G‘ofurov.
