“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasini Yangi O‘zbekiston siyosati, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan madaniyat sohasida olib borilayotgan islohotlarning yorqin natijalaridan biri deyish mumkin. O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasiga muvofiq 2016 yildan boshlab O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, avaylab-asrash va ommalashtirish masalasi davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarilib, bu yondashuv bevosita Prezident va hukumatning eʼtibori natijasida butun dunyo tan olgan natijalarni bermoqda.
Tadbirning tantanali yopilish marosimi diqqatga sazovor maskan – dunyoga mashhur Registonda bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov kongress ishtirokchilariga minnatdorlik so‘zlari bilan murojaat qildi:
– Kongresimizning yakuniy marosimini o‘tkazish joyi sifatida bu joyni bejiz tanlaganimiz yo‘q. Chunki mana shu yer har bir olim, har bir o‘zbek, har bir dunyo fuqarosi uchun muqaddas dargohdir, bu maskan ilm-fan beshigi deb ataladi. Aynan shu yerda jahonga mashhur yulduzlar bilimdoni, astronom, buyuk ajdodimiz – Mirzo Ulug‘bek tomonidan Sharqda birinchi universitet tashkil etilgan. Buyuk ilmiy kashfiyotlar sodir bo‘lgan joy bu. Mana shu Registonning mahobatli devorlari ilm-fanga, sheʼriyatga salmoqli hissa qo‘shgan ko‘plab ulug‘ zotlarni ko‘rgan”.
O‘zbekiston Davlat sanʼat muzeyi direktori Vasilya Fayziyeva O‘zbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi.
– Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida ikki yuzga yaqin muzey faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan yettitasi yirik muzey-qo‘riqxonalar hisoblanadi. O‘tgan o‘ttiz yil ichida mamlakatimizda yigirmadan ziyod yangi muzeylar ochildi. Mamlakatimizdagi muzeylarda ikki yarim milliondan ortiq ashyolar va to‘plamlar saqlanmoqda. Ulardan ikki millionga yaqini muzeylarning asosiy fondiga kiritilgan, shuningdek, 625 mingta to‘plam va muzey ashyolari ilmiy yordamchi fondlar, shuningdek, 112 mingta muzey kolleksiyasi eksponatlari O‘zbekistonimizning noyob durdonalari bo‘lib, ular butun dunyoda mashhurdir. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Respublikada yana to‘qqizta yangi muzey tashkil etiladi. Ularning yettitasi Samarqandda ochiladi. Turizm va madaniy meros vazirligi Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Samarqand shahrida muzeylar faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. “Buyuk ipak yo‘li”, “O‘zbekiston va Xitoyning oltin merosi” ko‘rgazmalari, shuningdek, “O‘zbekiston va Rossiya hududlari madaniyatlarining Samarqandda yaqinlashuvi" ko‘rgazmasi, “Klassitsizm” va “Tarixiy fotosuratlar”, “Zargarlik sanʼati” muzeylari, badiiy ko‘rgazmalar zali, shuningdek, Qo‘qonda “Zamonaviy sanʼat” muzeyi, Urganchda “Lazgi” muzeyi O‘zbekiston zamonaviy sanʼat muzeyi bo‘limi sifatida tashkil etiladi. Shuni taʼkidlash kerakki, bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston sanʼati va jahon adabiy-madaniy muhitining o‘zbek xalqi tarixidagi tarixiy eksponatlar o‘rni bilan integratsiyalashuviga bag‘ishlangan yangi zamonaviy ekspozitsiyalarni yaratishdan iborat. Ikki yil davomida mamlakatimizga to‘rt millionga yaqin sayyoh tashrif buyurgan – bu raqamlar xalqimiz hayotiga qiziqish ortganidan dalolatdir.
Yangi O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z mavqeini ishonch bilan mustahkamlashda davom etmoqda. O‘zbekiston 180 ta davlatdan 105 tasining ovozini qo‘lga kiritib, birinchi marta YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasiga aʼzo bo‘lgani buning muhim misolidir.
Registon maydonida “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Uyg‘onish davri asosi" VI Xalqaro kongressi ishtirokchilari hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati aʼzolari yakuniy deklaratsiyani qabul qildi.







































































