Italiyaning “Magister art” kompaniyasi vakillari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Italiyaning “Magister art” kompaniyasi vakillari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Kecha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Italiyaning “Magister art” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Delegatsiya dastlab qurilishi davom etayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosini borib ko‘rdi. Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan bino, uning kontentini yangi mazmun bilan boyitishda mahalliy va xorijiy olimlar hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Delegatsiya markazning ko‘rgazmalar zalidagi qadimiy va nodir eksponatlarni katta qiziqish bilan tomosha qildi. Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek kabi mashhur olimlarning dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi, ularning noyob merosini o‘rganish va ommalashtirish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Shundan so‘ng, delegatsiya aʼzolari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan nashr etilayotgan kitob va jurnallar, noyob artefaktlar, shu bilan birga O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan nashr etilgan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlari bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan hamkorlik loyihalari xususida so‘z bordi.

Maʼlumot uchun, “Magister art” kompaniyasi dunyo bo‘ylab madaniyat yo‘nalishida yirik tadbirlar, xalqaro ko‘rgazmalarni tashkil etadi. Shu bilan birga media mahsulotlar ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi.