Apostol kutubxonasi bosh direktori Mauro Mantovani WOSCU aʼzosi, Italiyaning Sandro Teti Editore nashriyoti prezidenti Sandro Teti bilan uchrashdi. U WOSCU rahbariyati nomidan Mantovaniga "Moniyni xijolatda qoldirgan Kamoliddin Behzod" kitob-albomini topshirdi va "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi faoliyati bilan tanishtirdi.
O‘z navbatida don Mantovani WOSCUga sovg‘a uchun minnatdorlik bildirib, yaqin kelajakda dunyoning yirik sharqshunoslaridan biri kutubxona maxsus xazinasidan qadimgi qo‘lyozmalarni o‘rganish uchun maslahat berishini nazarda tutuvchi shartnoma imzolanishini taʼkidladi. Bu borada yaqin kunlarda hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi.
Vatikan Apostol kutubxonasi XV asrda papa Sikst IV tomonidan tashkil etilgan. U o‘rta asrlar va Uyg‘onish davrining noyob qo‘lyozmalari boy to‘plamiga ega. Kutubxona fondi muntazam ravishda boyitib boriladi. Hozirgi vaqtda kutubxonada kamida 1,6 million bosma kitob, 150 ming qo‘lyozma, 100 mingdan ortiq naqshinkor asarlar va geografik xaritalar, shuningdek, 300 ming tanga va medallar saqlanmoqda. Kutubxona tarkibida Vatikan kutubxonachilari maktabi, restavratsiya va faksimile yaratish laboratoriyasi ham mavjud.


Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.






















































































