O‘zbekiston madaniy-tarixiy merosini o‘rganish va asrab-avaylash “O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” ikki kunlik xalqaro ilmiy-madaniy kongressdan ko‘zlangan maqsaddir. 15 va 16 may kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy kongressda sharqshunoslik, arxeologiya, tarix, sharq qo‘lyozmalari, numizmatika, to‘qimachilik, kulolchilik, metalldan yasalgan buyumlar, zargarlik va rangtasvir, zargarlik va naqqoshlik, O‘zbekistonning madaniy-maʼrifiy merosni asrab-avaylash va targ‘ib etishga ixtisoslashgan 120 dan ortiq xorijiy va 100 dan ortiq o‘zbekistonlik olimlar, kolleksionerlar va mutaxassislar ishtirok etdi. Ular orasida Rossiya, AQSH, Xitoy, Kanada, Italiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Misr, Koreya, Belgiya, Niderlandiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, Turkiya, Gretsiya, Ozarbayjon, YUNESKO va ICOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash) vakillari bor.
“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” eksklyuziv madaniy-maʼrifiy media-loyihasi taqdimoti forumning asosiy voqeasi bo‘ldi. Uning muallifi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov, loyiha ilmiy rahbari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Edvard Rtveladzedir.
"Bunday Kongressni o‘tkazish imkoniga ega bo‘lish mamlakat rahbariyati va shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan siyosat samarasidir. Fuqarolik jamiyatiga turli tashabbuslarni hayotga tatbiq etishga hukumat tomonidan yo‘l berilyapti, shu jumladan, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ijtimoiy masʼuliyatli tijorat korxonalari" faollik ko‘rsatyapti. Bugungi kunda nafaqat biznes bilan shug‘ullanish, balki yoshlarning maʼnaviyatini yuksaltirish va O‘zbekiston madaniy merosini keng targ‘ib etishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ham muhimligini anglash mumkin”, — dedi Abduxoliqov.
Bundan tashqari, forumda “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidan uch tilda nashr etilgan kitob-albomlarning dastlabki besh jildi namoyish etildi. Bular “Sharq davlat muzeyi kolleksiyasi” (Moskva), “Rossiya etnografiya muzeyi kolleksiyasi” (Sankt-Peterburg), “Davlat Tretyakov galereyasi kolleksiyasi” (Moskva), “O‘zbekiston gilamlari va kashtachiligi jahon to‘plamlarida" (Rossiya, AQSH, Kanada, Avstraliya ), “Alisher Navoiy asarlari Rossiya Milliy kutubxonasi fondida” (Sankt-Peterburg) kabilardir. Yana olti jild nashrga tayyorlanmoqda. Forumda ularning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Bular “O‘zbekiston musiqiy merosi”, “Davlat Ermitaj muzeyi kolleksiyasi”, “Davlat tarix muzeyi kolleksiyasi”, “Sharq qo‘lyozmalari instituti kolleksiyasi”, “O‘zbekiston gilamdo‘zligi: asrlar davomida saqlanib qolgan anʼana” va "Nemis muzeylari to‘plami" kitoblaridir.
Shuningdek, ushbu kitoblarning yaratilishi va dunyoning turli muzeylari kolleksiyalaridagi O‘zbekiston to‘plamlari haqidagi hujjatli filmlar ham Forum ishtirokchilari eʼtiboriga havola etildi.
Xalqaro forumni o‘tkazish uchun Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Akmal Saidov rahbarligida tashkiliy qo‘mita tuzildi. Tashkiliy qo‘mita tarkibiga O‘zbekiston akademiyalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganuvchi xorijiy ekspert va olimlar kiradi.
"Maʼlumki, O‘zbekistonning ko‘plab madaniy qadriyatlari dunyoning 40 dan ortiq muzeylarida va ko‘plab shaxsiy kolleksiyalarda saqlanmoqda. Bugungi kunga qadar biz obyektlarning eng to‘liq ro‘yxatini yaratishga imkon beradigan keng maʼlumotlar bazasini to‘pladik. Ular mamlakatimizning bebaho merosini tashkil etadi, – dedi Saidov.
Kongress ishtirokchilari uchun hamrohlik tadbirlari dasturi ishlab chiqildi. Ular orasida O‘zbekistonning barcha viloyatlari milliy oshxonasining eng sara taomlaridan tatib ko‘rish bilan O‘zEOAVMA folklor media-festivaliga tashrif, shuningdek, eng yaxshi palov tanlovi, Registon maydonida “O‘zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi” 3D xaritasi noyob yorug‘lik va musiqa ijrosini tomosha qilish, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek madrasasida “O‘zbekiston gilamlari va kashtachiligi dunyo to‘plamlarida" albomi taqdimoti bilan o‘zbek ustalarining eng yaxshi gilamdo‘zlik asarlari va so‘zanalari ko‘rgazmasini tomosha qilish kabilar bor.
Xalqaro forum doirasida O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi va sayyohlik salohiyatini ommalashtirishga qaratilgan yangi sunʼiy yo‘ldoshli multimedia “Karavan-TV” telekanali o‘z faoliyatini boshladi. Forumning yakuniy dasturxoni Amir Temurning Samarqand atrofidagi yetti bog‘idan biri timsolida qayta tiklangan sharqiy bog‘ “Bag‘ishamol”da bo‘lib o‘tdi. Kechki ovqat milliy o‘zbek mumtoz musiqa ijrochilarining chiqishlari bilan davom etdi. Unda “O‘zbekiston musiqiy merosi” kitob-albomi taqdimoti o‘tkazildi. Arxeolog, tadqiqotchi, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon muzeylarida” loyihasining ilmiy rahbari Edvard Rtveladzeni tavalludining 75 yilligi munosabati bilan sharaflash forumning alohida tantanali lahzasi bo‘ldi.
Loyiha O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, “Zamon Press Info” nashriyoti, Uzbekistan Today agentligi va Karavan-TV kanali ko‘magida amalga oshirildi. Eʼtiborlisi, loyiha davlat moliyaviy yordamisiz, faqat ijtimoiy masʼuliyatli kompaniyalar ishtiroki va fuqarolik tashabbuslari evaziga amalga oshirilmoqda.
Xalqaro kongress O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda yorqin voqea bo‘ldi.
















































































