
“O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” Xalqaro kongressi rezolyutsiyasi
I. 2017-yilning 15–16-may kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” Xalqaro kongressi O‘zbekistonning eng boy madaniy merosiga jahon ilmiy hamjamiyatining katta qiziqishi borligini namoyon etdi. Muzeylar, kutubxonalar va ilmiy muassasalarda avaylab saqlanayotgan, atoqli sharqshunoslar, tarixchi va arxeologlar tomonidan o‘rganilayotgan O‘zbekiston tarixi va madaniyati yodgorliklari nafaqat tadqiqotchilarda, balki keng jamoatchilikda ham chuqur, chinakam qiziqish uyg‘otmoqda.
Hozir dunyoning qator mintaqalarida qadimiy madaniyat yodgorliklari talon-taroj qilinayotgan va vayron qilinayotgan bir paytda, O‘zbekiston jahonning 30 dan ortiq davlatidan Sharqning eng boy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida faoliyat yuritayotgan mashhur olimlarni birlashtirdi.
Kongressda dunyoning 40 davlatidan 370 nafar ishtirokchi, jumladan, fan va madaniyat muassasalari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, diplomatik korpus vakillari, ekspertlar ishtirok etdi. Kongress ishi O‘zbekiston va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gollandiya, Qozog‘iston, Kanada, Qirg‘iziston, Polsha, Rossiya, AQSH, Turkiya, Fransiya, Chexiya, Shvetsiya, Yaponiya kabi davlatlardan 5 nafar akademik, 36 nafar fan doktori, 14 nafar professor-o‘qituvchilar ma’ruza va xabarlar bilan chiqdilar.
II. Kongress O‘zbekiston xalqlari tarixi va madaniyati yodgorliklari to‘plamlariga bag‘ishlangan o‘nta noyob kitob-albom va hujjatli filmlarning nashr etilishi munosabati bilan o‘tkazildi.
Nasrning alohida jildlarida, Sharq sanʼati davlat muzeyi (Moskva, Rossiya), Rossiya etnografiya muzeyi (Sankt-Peterburg, Rossiya), Davlat Tretyakov galereyasi (Moskva, Rossiya), Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qoʻlyozmalari instituti (Sankt-Peterburg, Rossiya), Davlat tarix muzeyi (Moskva, Rossiya), Davlat Ermitaj muzeyidagi (Sankt-Peterburg, Rossiya) kolleksiyalari, Avstraliya, Kanada, Rossiya, AQShda saqlanayotgan O‘zbekiston gilamlari va kashtalari, Rossiya Milliy kutubxonasidagi Alisher Navoiy asarlari, Oʻzbekiston musiqa madaniyati yodgorliklari, Oʻzbekistonning gilamdoʻzlik sanʼati namunalari taqdim etilgan.
Kongressning navbatdan tashqari yig‘ilishida, mualliflar shu o‘n jild va videofilmlarni o’zlari taqdim etdilar.
III. Ko‘hna O‘zbekiston zaminida yashab ijod etgan Sharq Renessansi atoqli shaxslarining qudratli intellektual salohiyati- jahon ilm-fani, madaniyati va san’ati rivoji uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi. Kongressda o‘zbek va xorijlik olimlarning taqdim etgan ma’ruzalari O‘zbekiston san’atining jahon madaniyati rivoji uchun o‘ziga xos bebaholigi va yuksak tarixiy-madaniy ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi.
Kongress ishtirokchilari, dunyoga mashhur olimlar – akademiklar Karl Baypakov (Qozog‘iston) va Shain Mustafoyev (Ozarbayjon), fan doktorlari Irina Popova (Rossiya), Aleksandr Naymark (AQSh), Tsuge Geniti (Yaponiya), Ladan Akbarniya (Buyuk Britaniya), Katrin Pujol (Fransiya) va boshqalar O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixining ahamiyatini, ilm-fanga beqiyos hissa qo‘shgan o‘zbek olimlari – M.E. Masson, G.A. Pugachenkova, L.I. Rempel, Ya.G. G‘ulomova, R.X. Sulaymonova, E.V. Rtveladzelarni yuksak baholadilar.
Kongressning ikki kuni davomida o‘tkazilgan ma’ruzalar va taqdimotlar, jahon kolleksiyalaridan o‘zbek san’atining ajoyib to‘plamlari, Buyuk Ipak yo‘li merosi, Movaraunnahrning kitob san’ati va yirik arxeologik kashfiyotlarga bag‘ishlandi.
IIII. “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi- O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi obyektlarini aniqlash, tizimlashtirish, tiklash va kitob-albomlar, kataloglar, shuningdek, O‘zbekiston tarixiy va madaniy yodgorliklarining izchil virtual qiyofasini yaratishni video- versiyalar ko‘rinishida uch tilda nashr etishdek o‘ta muhim ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ma’rifiy vazifani bajaradi. Loyiha qamrovining kengligi bo‘yicha ham, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqiy va tashkiliy ishlar darajasi bo‘yicha ham misli ko‘rilmagan va noyob bo‘lib, dunyoda o‘xshashi yo‘q. Bu boradagi ishlar jarayonida xorijda – Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Chexiya, Kanadada saqlanayotgan O‘zbekiston xalqlarining tarixiy va madaniy yodgorliklari bo‘yicha keng ko‘lamli ma’lumotlar bazasi yaratildi.
Kitob-albomlarni nashr etish va Luvr (Fransiya), Britaniya muzeyi, Ashmolean muzeyi va Oksforddagi (Buyuk Britaniya) Bodlean kutubxonasi, Hindiston Milliy muzeyi, Ispaniya Milliy kutubxonasi, Topkapi muzeyi (Turkiya) hamda Miho muzeyidagi (Yaponiya) kolleksiyalarga bag’ishlangan hujjatli filmlarni yaratish borasida kelishuvlarga erishildi.
Loyihaning juda salmoqli salohiyati bor. U- ulkan tarbiyaviy va ma’rifiy ahamiyatga ega. Hozirgi murakkab davrimizda, bu loyiha yoshlarni vatanparvarlik tuyg’usida tarbiyalashga zamin yaratadi, yoshlarga o‘z xalqining an’analari haqida keng bilimga ega bo’lishlari uchun yangi ufqlarni ochib beradi, shu bilan birga jahon madaniyatining barcha tarkibiy qismlarining o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro ta’sirini namoyon etadi, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shadi.
V.Shu bilan birga, kongress ishtirokchilari turli mamlakatlarning, shu jumladan, O‘zbekistonning ham, hukumatlari, vazirliklari va madaniyat muassasalari rahbariyatlariga, tadqiqotchilarning madaniy meros ob'ektlariga kira olish huquqini ta’minlaydigan qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish zarurligi to‘g‘risidagi iltimosni yetkazishni zarur, deb hisoblaydilar.
Muzey ashyolari to’g’risidagi to’liq ma’lumotlar va raqamli kataloglarning yoʻqligi Oʻzbekiston madaniy merosini yanada kengroq oʻrganish va yanada ommalashtirishga, shuningdek, turli davlatlarning madaniy, fan va taʼlim muassasalari oʻrtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qiladi.
VI. Yakuniy yig‘ilishda “O‘zbekiston madaniy merosi” kongressini har yili o‘tkazish, shuningdek, kongress davomida o‘qilgan ma’ruzalar to‘plamini nashr etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
VII. Turli mamlakatlar olimlari va O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi vakillarining munozara va muhokamalar chog‘ida bildirilgan takliflarini umumlashtirib, kongress O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon ilmiy jamiyatini tashkil etish zarurligi to‘g‘risida mazkur rezolyutsiyani qabul qildi.
Butun dunyodan sharqshunoslar, arxeologlar, tarixchilar, san’atshunoslar, kolleksionerlar, ommaviy axborot vositalari vakillari – O‘zbekiston madaniy merosini tadqiq etish va ommalashtirish bilan shug‘ullanayotganlarning barchasi ushbu jamiyatga a’zo bo‘lishi mumkin.
Jamiyat O‘zbekiston madaniy merosining qimmatli va yirik kolleksiyalarini saqlaydigan muzeylar va ilmiy markazlarda xalqaro tadbirlar – ko‘rgazmalar, taqdimotlar, madaniy forumlar o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
VIII. Kongress ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, O‘zbekiston hukumati va xalqiga, ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik, shuningdek, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirish, O‘zbekiston madaniy merosini asrab-avaylashga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligi hamda olimlarning har tomonlama qo'llab-quvvatlashi uchun samimiy minnatdorchilik bildirdilar.
IX. Kongress Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon ilmiy jamiyati ekspertlar kengashi tarkibiga Kongress ilmiy yigʻilishlari tashkilotchilari va moderatorlarini kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi rahbari va muallifi F.Abduxoliqovga, xalqaro ilmiy kongress ishtirokchilarining materiallari va takliflarini, loyihani amalga oshirish jarayonida bildirilgan tashabbuslarni kelgusida hayotga tatbiq etish maqsadida umumlashtirish topshirildi.










